Eslolmadingmi? Yoki shunchaki eslaging kelmadimi?
Umuman olganda ikkisi ham bir xil. Seni unutishim, sendan voz kechishim uchun chiroyli va arzigulik sabab. Menda bunaqa sabablar juda ko'p. Xatto keragidan ortiq ham. Lekin hammasining ustiga chizilgan. Senga bo'lgan abadiy ishqim va umidim bilan chizilgan. Shuning uchun ular inobatga olinmaydi qalbim qonunlarida. Chunki qalbdagi oliy maqsad sensan. Jamiki harakatlar sen uchun, seni yo'lingda.
Bir vaqtlar menda kuchli, otashin ishq bor edi. Sendan olganim iliq munosabat, mehrdan keyin ishq yanada kuchaydi. Yonginasida ishonch paydo bo'ldi.
Vaqtincha, vaqtinchalik. Yomon ko'raman shu so'zlarni. Meni xijronda yolg'iz tashlab, holimni abgor qilgan vaqtinchalik mehring sabab.
Shundan keyin ishq yonida sen tufayli, ming afsuski, vaqtinchalik mehring tufayli paydo bo'lgan ishonch yo'qoldi.
Ishq esa hamon qalbim hokimi. U o'ziga yordamchi ham topdi. Umid. Ha, ha, o'sha vaqtinchalik ishonch o'z joyini umidga berib ketdi. Sendan umidga, mehringdan umidga, ishqingdan umidga. Butunlay qo'lga olgan meni bular. Meni saqlashi kerak bo'lgan aql ham, sen degan, va faqat sen degan, ishq va umid xizmatida. Menda meniki bo'lgan xech nima qolmadi. Hammasi seni deydi. Shumikin oshiqlik, shumikin sevgi.
Umid qabrgacha meni tashlab ketolmas ekan. Agar sen uni yana ishonchga aylantirmasang. Endi vaqtinchaligi kerakmas.
Mayli umid ham bir kun so'nar ekanku deysanmi? Undan keyin navbatda ilinj turibdi.
Akbar Shoh.